Londonda Buyuk Britaniyadagi Garri Potter olamiga bagʻishlangan eng yirik doʻkon ochildi
4 noyabr kuni Londonda Buyuk Britaniyadagi Garri Potter olamiga bagʻishlangan eng yirik rasmiy doʻkon ochildi. U Oksford-strit, 134–140-uyda joylashgan boʻlib, umumiy maydoni 1 950 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan ikki qavatni egallaydi.

Flagman makon yirik installyatsiyalar va interaktiv elementlar yordamida bezatilgan. Ular orasida Gringotts banki ustidagi ajdarho hamda toʻliq hajmdagi uch qavatli «Tungi ritsar» avtobusi bor. Bu obyektlar tashrif buyuruvchilarga Garri Potter sehrli olamining mashhur maskanlariga shoʻngʻish imkonini beradi.
Doʻkonda «Teshik qozon» pabidan ilhomlangan mavzuli kafe zonasi ham ishlaydi. U yerda sariyogʻli pivoni sovuq, issiq va muzlatilgan koʻrinishlarda, shu ichimlik taʼmidagi muzqaymoqni, shuningdek, undan ilhomlangan turli desertlarni tatib koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, doʻkonda eksklyuziv kolleksiyalar va boshqa mahsulotlar sotiladi. Tashrif buyuruvchilar uchun Garri Potter olamidagi mashhur maskanlarni qayta yaratadigan fot zonalar ham tashkil etilgan.




