Buvaydada temirchilikni rivojlantirish orqali 65 kishi ish bilan taʼminlandi
Fargʻona viloyatining Dehqonobod mahallasidagi ustalarni qoʻllab-quvvatlash uchun joriy yilda tadbirkorlarga 850 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, mahallada metallga ishlov berish ustalari faoliyatini kengaytirishi hisobiga oʻnlab oilalar doimiy ish joyiga ega boʻldi. Natijada aholi boshqa hududga bormasdan, oʻz yashash joyida daromad topish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Bundan tashqari, ishsiz qolgan fuqarolar tadbirkorlik yoʻnalishiga jalb etilib, monomarkazlarda yangi kasb oʻrganganlar oʻz mutaxassisligi boʻyicha korxonalarga biriktirilmoqda. Xonadonlarda qoʻshimcha daromad manbaini yaratish maqsadida esa davlat subsidiyasi hisobidan tomorqalarga uzum soʻrilari oʻrnatib berilmoqda.


