Nukusda Telegram orqali qariyb 1 mlrd soʻmlik mablagʻ oʻgʻirlangani aniqlandi
Nukusda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Telegramʼdagi zararli APK-fayllar orqali bank kartalaridan qariyb 1 mlrd soʻm oʻgʻirlangani haqidagi taxminni tergov qilmoqda. Gumonlanuvchi ushlandi.

Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi kiberpolitsiyasi maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchilar Telegram orqali APK-fayllarni tarqatib, fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni oʻgʻirlagan boʻlishi mumkin. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqonuniy oʻzlashtirilgan mablagʻlar miqdori 1 mlrd soʻmga yaqinlashgan.
Pulni naqdlashtirish uchun sxema ishtirokchilari qimmat smartfonlarni sotib olib, ularni qayta sotishgan. Mablagʻlarning bir qismini nomaʼlum shaxslarning onlayn mikrozayomlarini soʻndirishga yoʻnaltirishgan, qolganini esa bukmekerlik akkauntlariga oʻtkazishgan. Fosh etilmaslik uchun gumonlanuvchilar ijaraga olingan mobil telefonlarni muntazam almashtirib turgan.
Tekshiruv vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yozishmalardan 162 ta bank kartasi haqidagi maʼlumotlarni aniqlagan. Shuningdek, uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi olib qoʻyilgan.
Yopiq Telegram-guruhlarida «Sanjik» taxallusi bilan tanilgan erkak ushlandi. Sud gumonlanuvchi D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Dastlabki tergov davom etmoqda.




