Namanganda 10 ming yoshni Yaponiya va Germaniyada ishlashga tayyorlash rejalashtirilmoqda
2027-yilda Namangan viloyatida 10 ming yoshni Yaponiya va Germaniyada yuqori maoshli ishlarga tayyorlash rejalashtirilmoqda. Topshiriqni prezident Shavkat Mirziyoyev berdi.

Namangan viloyatida 2027-yilda 10 ming yoshni ishga joylashishga tayyorlash topshirildi. Masʼul idoralar xorijiy tillar va talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha maqsadli taʼlim tashkil etishi kerak.
Viloyatda 786 ming nafar yosh istiqomat qiladi. Ularning ishga joylashishini xorijda ham, mamlakat ichida ham qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilmoqda. Hududni rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda Ibrat nomidagi chet tillari institutida italyan tilini oʻrganish markazi ochilgani ham ijobiy baholandi.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida Italiya kompaniyalari bilan hamkorlikda ish oʻrinlari yaratish masalasi muhokama qilindi. Xorijdan qaytgan fuqarolarga ishga joylashish va yuzaga keladigan muammolarni hal etishda yordam berish uchun raqamli xizmatlardan kengroq foydalanish rejalashtirilmoqda.




