Oʻzbekistonda ilk sunʼiy muzlik yaratildi
Qashqadaryo viloyatida suv tanqisligiga qarshi kurashish uchun sunʼiy muzlik barpo etildi. U qishda suvni muz shaklida toʻplaydi, yilning iliq faslida esa uni asta-sekin beradi.

Tajriba davomida qariyb 800 kub metr muz hosil boʻldi, erigan suvdan taxminan 60 ta xonadon foydalandi. Loyiha natijalari Antalyada boʻlib oʻtgan BMTning COP31 iqlim konferensiyasida taqdim etildi.
Muzlik 2026-yil yanvarida Shahrisabz tumanining Sarchashma mahallasida paydo boʻldi. U Ice Stupa texnologiyasi asosida qurilgan: tabiiy manbadagi suv quvurlar orqali yuqoriga koʻtarilib, sovuqda purkaladi, tomchilar muzlaydi va muz minorasi hosil boʻladi. Suv tabiiy balandliklar farqi hisobiga oqadi, shu bois elektr energiyasi talab etilmaydi. Bahorda muz eriydi va suv bogʻlar hamda tomorqalarni sugʻorishda ishlatiladi.
Loyihani Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda FAO amalga oshirmoqda, mablagʻni Global ekologik jamgʻarma ajratgan. Suv tanqis boʻlgan mamlakatning boshqa togʻoldi hududlarida ham texnologiyadan foydalanish mumkin.
Prognozlarga koʻra, 2050-yilga borib Oʻzbekistonda suv bilan taʼminlanganlik darajasi 30–40 foizga pasayishi, suv tanqisligi esa 15 mlrd kub metrga yetishi mumkin.




