Ehtiyojmand oilalarga isitish mavsumida 1 mln soʻmdan toʻlanadi
Bular Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, yolgʻiz yashovchi keksalar, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan fuqarolar, shuningdek, yetim bolalari bor oilalardir
Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida 2026–2027-yillardagi isitish mavsumida oilalarga 1 mln soʻmdan toʻlash rejalashtirilgan farmonni imzoladi. Toʻlovlar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, yolgʻiz keksalar, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan fuqarolar, shuningdek, yetim bolalari bor oilalarga moʻljallangan.
Ijtimoiy reyestr mezonlariga mos deb «mahalla yettiligi» eʼtirof etadigan xonadonlar ham yordam olishi mumkin. Shartlardan biri — oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining ikki baravaridan oshmasligi. Toshkentda isitish tizimi boʻlmagan uylar uchun bu koʻrsatkich minimal isteʼmol xarajatlarining uch baravaridan oshmasligi kerak. Hududlarda bunday xonadonlar uchun ikki baravar chegara qoʻllanadi. Ayrim hollarda tuman va shahar shtablarining qarorlari asosida daromadi yuqoriroq oilalarga ham yordam tayinlanishi mumkin.
Elektr energiyasi va gaz xarajatlarini qoplash uchun daromadning yangi chegarasi minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining ikki baravari etib belgilandi. Elektr energiyasi va gazning bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmoli uchun toʻlovlar 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirildi.




