Oʻzbekiston va AQSH kolleji qoʻshma taʼlim modelini muhokama qildi
Green River College 9-sinfdan keyin toʻrt yil ichida bakalavr darajasini olish imkonini beruvchi “1+1+2” dasturi boʻyicha oʻzbekistonlik talabalarni qabul qilishga tayyor.

Oʻzbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi Vashington shtatining Obern shahrida joylashgan Green River College rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv kollej prezidenti vazifasini bajaruvchi Jorj Freyzer hamda vitse-prezident Vendi Styuart ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tomonlar “1+1+2” taʼlim modelini koʻrib chiqdi: oʻqishning birinchi yili Oʻzbekistonda, ikkinchi yili AQSHda, uchinchi va toʻrtinchi yillari esa Amerika universitetlaridan birida davom ettiriladi. Dastur 9-sinf bitiruvchilariga moʻljallangan boʻlib, IT, kiberxavfsizlik, buxgalteriya hisobi va aviatsiya sohalarini oʻz ichiga oladi.

