Oʻzbekiston va Turkiya iqtisodiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgiladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻzga chiqdi. Tomonlar sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika sohalaridagi qoʻshma loyihalarni muhokama qildi.
Oʻzbekiston va Turkiya iqtisodiy sheriklikni kengaytirish hamda yangi investitsiyalarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari 19 noyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston-Turkiya oliy darajadagi kengashining birinchi yigʻilishida belgilandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz, shuningdek, ikki mamlakatning yirik kompaniyalari va banklari vakillari ishtirok etdi. Yigʻilish doirasida oʻtkazilgan biznes-forum 200 dan ortiq ishbilarmon doira vakillarini birlashtirdi.
Hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari qatorida konchilik sanoati, yashil energetika, qishloq xoʻjaligi va elektrotexnika qayd etildi. Xususan, turkiyalik kompaniyalarga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar va maishiy texnika ishlab chiqarishda ishtirok etish taklif qilindi.
Farmatsevtika, qurilish va infratuzilmani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiyalik investorlar «Yangi Toshkent» loyihalari, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlarida ishtirok etishga ham taklif qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar avtomobilsozlik, sunʼiy intellekt sohasi va dasturiy taʼminot ishlab chiqishdagi qoʻshma ish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi.
Yangi kengash ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma iqtisodiy tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga yordam berishi kutilmoqda.




