«Agar dalillari boʻlmasa, uzr soʻrasin»: Shevchenko Mudrikning terma jamoaga qarshi ayblovlariga javob berdi
Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UFA) prezidenti Andriy Shevchenko Mixail Mudrikning taqiqlangan modda uning organizmiga milliy terma jamoa yigʻini vaqtida tushgan boʻlishi mumkinligi haqidagi bayonotiga javob berdi.

Mudrik 2024-yil dekabrida doping-test natijasi ijobiy chiqqani sabab diskvalifikatsiya qilingan, chetlatish muddati 18 oy davom etgan. Hozir «Chelsi» vingeri «Tottenhem» safida ijara asosida toʻp tepmoqda. U arafada taqiqlangan modda uning organizmiga faqat Ukrainada tushgan boʻlishi mumkinligini, chunki Angliyada bunday vositalar yoʻqligini aytdi. Futbolchi terma jamoani ham tanqid qilib, uning soʻzlariga koʻra, u yerda futbolchilar qabul qilayotgan narsalar umuman nazorat qilinmasligini bildirdi.
Shevchenkoning aytishicha, Mudrik «Chelsi»ga oʻtganidan keyin klub UFAga yozma ravishda futbolchiga yigʻinlar vaqtida hech qanday dori-darmon bermaslikni soʻragan. Terma jamoa shtabi bu iltimosni bajargan. Bundan tashqari, oʻsha paytdagi bosh murabbiy Serhiy Rebrov yigʻinlarda Mudrik bilan uning ikki nafar shaxsiy mutaxassisi ishlashiga ruxsat bergan. Ular futbolchining kun tartibi va tiklanish jarayonini nazorat qilgan hamda kundalik masalalarda unga yordam bergan.
Shevchenko UFA barcha zarur tekshiruvlarni oʻtkazgani, futbolchi vakillariga soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etgani va ish bilan shugʻullangan barcha tomonlar bilan aloqada boʻlib kelganini qoʻshimcha qildi. U terma jamoa xodimlarini koʻp yillardan beri bilishi va ularga ishonishini taʼkidladi: shu vaqt davomida jamoada ularning professionalligiga shubha tugʻdiradigan birorta ham holat boʻlmagan.
«Agar Mixailda dalillar boʻlsa, ularni taqdim etsin. Agar dalillari boʻlmasa, u oʻz ayblovlaridan omma oldida voz kechib, halolligiga shubha ostiga qoʻygan odamlardan uzr soʻrashini kutaman», — dedi Shevchenko.




