BYD yoʻltanlamasi Boeing 747 samolyotini ikki gʻildiragida tortib ketdi
Denza Bao 5 Angliyada oʻtkazilgan sinov vaqtida ogʻirligi 180 tonna boʻlgan Boeing 747 samolyotini ikki gʻildiragida tortib ketdi. Uchta urinishda yoʻltanlama 1 600 metr masofani bosib oʻtdi.

Xitoyning Denza Bao 5 yo‘ltanlamasi noodatiy sinovdan o‘tdi: avtomobil Boeing 747 yo‘lovchi samolyotini tortib keta oldi, yakuniy bosqichda esa ikki g‘ildiragida harakatlandi. Samolyotning og‘irligi qariyb 180 tonna edi.

Tajriba Angliyaning Surrey grafligidagi Danesfold aerodromida o‘tkazildi. Avval avtomobil samolyotni to‘rt g‘ildiragida, keyin esa uch va ikki g‘ildiragida tortdi. Umuman olganda, Boeing 747 1,6 kilometr masofani bosib o‘tdi.
Sinov uchun yo‘ltanlama alohida tayyorlandi: tortish moslamasi o‘rnatildi va qolgan g‘ildiraklarning qoplama bilan ilashishini yaxshilash uchun yuk qo‘shildi. Sinovlardan so‘ng mutaxassislar avtomobilning asosiy uzellarini tekshirdi va kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hech qanday shikastlanish aniqlanmadi.
Denza Bao 5 544 ot kuchiga ega gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Shu bilan birga, uning odatiy ruxsat etilgan tortish massasi taxminan 2,5 tonnani tashkil etadi. Tajriba avtomobilning maxsus sharoitlardagi imkoniyatlarini namoyish etadi, biroq u kundalik foydalanishda bunday yuklamalarga mo‘ljallanganini anglatmaydi.




