Google bukiladigan smartfonlar uchun ilova va oʻyinlarga talablar joriy etadi
Google 2027-yil apreldan Google Playʼdagi ilovalar, avgustdan esa oʻyinlar uchun talablar joriy etadi. Qoidabuzarlarga yangi relizlar va yangilanishlarni joylash taqiqlanadi, ilovalari qidiruvda pastlaydi.

Adaptive Ready bazaviy standarti ilova va oʻyin interfeyslari bukiladigan smartfonning ochilgan ekrani yuzasini toʻliq egallashini talab qiladi. Chetlardagi qora chiziqlar va notoʻgʻri masshtablashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dasturlar koʻp oynali rejimni ham qoʻllab-quvvatlashi, korpus burilganda, oyna oʻlchami oʻzgarganda yoki qurilma bukilib-ochilganda qayta ishga tushmasligi kerak.
2027-yil apreldan ishlab chiquvchilar Google Playʼdagi ilova sahifalariga bukiladigan qurilmalardan kamida uchta skrinshot qoʻshishi kerak boʻladi: ikkitasi ichki, bittasi tashqi ekrandan. Bunday rasmlarni hozirdanoq yuklash mumkin.
Google moslashuvning yana ikki darajasini — Adaptive Optimized va Adaptive Differentiatedʼni ham nazarda tutgan. Ular bukiladigan konstruksiyalarni, jumladan qurilmaning yarim buklangan holatda ishlashini chuqurroq qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga oladi. Bunday optimallashtirilgan ilovalar doʻkonda maxsus belgilar va qoʻshimcha targʻibotga ega boʻladi.
Keyinchalik shu kabi talablarni planshetlar, noutbuklar va Android XR garnituralari kabi katta ekranli boshqa qurilmalarga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.




