Vulcan raketasi Amazon Leoʻning 40 ta yoʻldoshini orbitaga olib chiqa olmadi
ULA Vulcan Centaur uchirilganidan 10 daqiqa oʻtib, shtatdan tashqari vaziyat yuz berganini maʼlum qildi.

Uchirish 15 noyabr kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan 41-raqamli start majmuasidan amalga oshirildi. ULA hozircha hodisa sababiga oid maʼlumotlarga ega emasligini bildirdi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar meʼyorida ishlagan, muammo esa parvozning boshqa bosqichida yuzaga kelgan.
Bu uchirish dastur toʻxtatilganidan keyin Vulcan Centaurʼning parvozlarga qaytishi boʻlishi kerak edi. Atlas V oʻrnini egallagan raketa avval ham qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar soplolaridagi nosozliklarga duch kelgan. Shunga qaramay, oʻsha paytda foydali yukni belgilangan orbitalarga yetkazishning uddasidan chiqilgan.
Vulcan uchirishlari tez-tez yuz bergan nosozliklar AQSh Kosmik kuchlarini xavotirga solganidan keyin toʻxtatilgan edi. ULA nosozliklarning ehtimoliy sabablarini bartaraf etish uchun soplo konstruksiyasi va ishlab chiqarish jarayonlarini oʻzgartirganini maʼlum qilgan.
Yoʻqotilgan apparatlar SpaceXʼning Starlinkʼiga raqobatchi boʻlishi kerak boʻlgan Amazon Leo guruhlashmasi uchun moʻljallangan edi. Amazon jami 3200 ta yoʻldoshni orbitaga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Bungacha kompaniya Atlas V, SpaceX Falcon 9 va Arianespace Ariane 6 raketalari yordamida kosmosga 400 ga yaqin apparat yuborgan.




