Oʻzbekistonda yaylovlardan ekoturizm va asalarichilik uchun foydalanish taklif qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish qoidalarini oʻzgartiruvchi hujjatni maʼqulladi.

“Yaylovlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida yerlarni muhofaza qilishning raqamli mexanizmlari hamda ularning degradatsiyasini kamaytirish choralari nazarda tutilgan. Shu bilan birga, yaylovlarni iqtisodiy aktiv sifatida koʻrib chiqish va ulardan jamoat yaylovlarini tashkil etish uchun foydalanish taklif qilinmoqda.
Oʻzbekistondagi yaylovlarning umumiy maydoni 21,2 mln gektarni tashkil etadi. Shundan 16,3 mln gektar Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligining hududiy yaylov xoʻjaliklari tasarrufida, 3 mln gektar oʻrmon fondiga kiradi, 1 mln gektardan ortiq maydon esa tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan. Yana 890 ming gektardan fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va boshqa tashkilotlar foydalanadi.
Hujjat chorvachilikdan tashqari, yaylov hududlarida ekoturizm, asalarichilik va dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Jamoat yaylovlari instituti mahalliy aholi tomonidan yerlardan foydalanishni tartibga solishi va chorva mollarini oʻtlatish uchun sharoit yaratishi kerak.
Foydalanilmayotgan yaylovlarni elektron auksionlar, investitsiya bitimlari va davlat-xususiy sheriklik orqali iqtisodiy muomalaga kiritish rejalashtirilmoqda. Aholi va biznes uchun yerlarni foydalanishga berishni ijara shartnomalari hamda bilet mexanizmi yordamida soddalashtirish koʻzda tutilgan.




