Rossiya mediafutbol terma jamoasi Toshkentda Oʻzbekiston jamoasini magʻlub etdi
Oʻyin «Paxtakor» stadionida boʻlib oʻtdi va mehmonlarning 7:4 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻzbekiston mediafutbol terma jamoasi Toshkentda oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvida rossiyalik hamkasblariga yutqazdi.
Rossiya jamoasiga Rossiya chempioni, SSKA tarkibida chempion boʻlgan Pavel Mamayev sardorlik qildi. Gʻoliblar safida Artyom Ntumba, Mixail Prokopyev, Dmitriy Yegorov va Aleksey Gasilin gol urdi. Anar Abdullayev bullitdan gol kiritgan boʻlsa, Vasiliy Mavrin jamoasiga bonus toʻp olib keldi.
Rossiya mediafutbol terma jamoasi uchun bu ikkinchi xalqaro uchrashuv boʻldi. Jamoa debyut oʻyinini 4 sentyabr kuni Dushanbeda oʻtkazgan: oʻshanda Leonid Slutskiy boshchiligidagi jamoa Tojikiston mediafutbol terma jamoasini 4:3 hisobida magʻlub etgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari 12 noyabr kuni boʻlib oʻtadigan oʻrtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik koʻrmoqda.




