Eron AQShni yangi hujum yuz bergan taqdirda keng koʻlamli javob bilan ogohlantirdi
Eron parlament qoʻmitasi vakili Hasan Gashqavi Tehronning har qanday yangi hujumga javobi cheklangan yoki qisqa muddatli boʻlmasligini aytdi.

Gashqavining aytishicha, Eron mudofaa va hujum salohiyatini rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishgan hamda dushmanni tiyib turishning muayyan darajasiga yetgan. Uning soʻzlariga koʻra, hatto qisqa muddatli hujum ham javob harakatlariga olib keladi va ular bir necha kun bilan cheklanmaydi.
Gashqavining soʻzlariga koʻra, Eronning dushmanlariga oʻz hududidan foydalanishga imkon beradigan davlatlar tovon toʻlashi kerak boʻladi.
Avvalroq AQSh razvedkasi Eron 1 500–2 500 ta ballistik raketadan iborat arsenalga ega boʻlishi mumkinligini taxmin qilgandi. Taxminlarga koʻra, Tehron qarama-qarshilik qayta boshlangan taqdirda ulardan Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy obyektlariga zarba berish uchun foydalanishi mumkin. Baholash taxminiy boʻlib, bunga Eron harbiy arsenalining qayta tiklanishini kuzatishdagi qiyinchiliklar sabab boʻlmoqda.




