Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
MB kursiUSD 12 023,61EUR 13 236,79RUB 145,54Seshanba, 17-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Mercedes-Benz Germaniyadagi zavodlarini yopishni rejalashtirmoqda

Avtokonsern xodimlarga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirish masalasida kasaba uyushmalari bilan kelisha olmadi

13-noyabr, 18:52
Republish · Photo by Victor Sutty on Unsplash

Germaniyaning Mercedes-Benz avtokonserni mamlakatdagi oʻz ishlab chiqarish maydonlariga barcha yangi investitsiyalarni muzlatishga qaror qildi va zavodlarning bir qismini yopish ssenariylarini ishlab chiqishni boshladi. Reuters rahbariyatning xodimlarga yoʻllagan ichki maktubiga tayanib xabar berishicha, bunday qadamga mamlakatda avtomobil ishlab chiqarish tannarxining haddan tashqari yuqoriligi va kasaba uyushmalari bilan muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlangani sabab boʻlgan.

Kompaniyaning ishlab chiqarish boʻlinmasi rahbari Mixayel Shibe soʻzlariga koʻra, yuqori rahbariyat mehnatga haq toʻlash xarajatlarini qisqartirish masalasida ishlab chiqarish kengashi va xodimlar vakillari bilan murosaga kela olmagan. Shibe bundan avval, sentyabr oyida, xarajatlarni optimallashtirish boʻyicha siljish boʻlmasa, ikkita korxona yopilishi xavfi borligidan xodimlarni ogohlantirgandi. Boshqaruv kengashi aʼzosi Britta Zeeger yangi murojaatida kompaniya ishlab chiqarish maydonlarini har qanday narx evaziga yopmaslikka intilayotgan boʻlsa-da, rahbariyat bu variantni batafsil oʻrganishga majbur ekanini tasdiqladi.

Mercedes-Benzning qarori Germaniya avtomobil sanoatidagi vaziyat keskinlashuvining navbatdagi bosqichi boʻldi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Oʻtgan hafta avtomobil komponentlarining yirik ishlab chiqaruvchisi Schaeffler ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga talab sustligi sababli 3 460 ta ish oʻrnini qisqartirishini va Yevropadagi beshta zavodni yopishini eʼlon qildi. Ularning toʻrttasi Germaniyada joylashgan.

Volkswagen konserni ham keng koʻlamli qisqartirishlarga tayyorlanmoqda — 24 noyabr kuni kompaniya eng yirik sanoat kasaba uyushmasi IG Metall bilan murakkab muzokaralarni boshlaydi. Muzokaralarda toʻrttagacha nemis zavodi va qariyb 100 000 ta ish oʻrnining taqdiri hal boʻlishi mumkin.

Roland Berger konsalting kompaniyasi baholariga koʻra, 2030-yilga kelib Germaniya avtomobil sanoati kamida 200 000 ta ish oʻrnini yoʻqotishi mumkin. Asosiy zarba Xitoy bozorida mahalliy raqobatning keskinligi sabab yuqori rentabellikning yoʻqotilishi boʻldi, ayni paytda Xitoy brendlari Yevropadagi ulushini faol oshirmoqda.

Payshanba kuni Yevropaning yirik avtomobil kompaniyasi Stellantis bosh direktori ham investorlarni ishlab chiqarish xarajatlari kamida kelgusi yil davomida muqarrar ravishda oshishidan ogohlantirdi. Sanoat tahlilchisi Ferdi Dudenxofferning fikricha, xarajatlar tuzilmasi tubdan qayta koʻrib chiqilmasa, Germaniya avtomobil sanoatining kelajagi hamon savol ostida qolmoqda.