Oʻzbekistonda Kinematografiya agentligi tugatiladi va «Oʻzbekfilm» qayta tashkil etiladi
Filmlar ishlab chiqarishni xususiy sektorga topshirish rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kinoindustriyani boshqarish, uni moliyalashtirish va filmlar ishlab chiqarish funksiyalari ajratiladigan yangi tizimga oʻtilishini eʼlon qildi.
Kinematografiya agentligi tugatiladi, kino sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish vakolatlari esa Madaniyat vazirligiga beriladi. Vazirlik tuzilmasida Kino sanʼati departamenti tashkil etilib, uning rahbari maqomi vazir oʻrinbosari maqomiga tenglashtiriladi.
Davlat muassasasi «Oʻzbekfilm» oʻrniga Milliy kinokompaniya «Oʻzbekfilm» tashkil etiladi. U loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targʻib qilish va tarqatish, shuningdek, ularni xalqaro bozorlar va kinofestivallarga olib chiqish bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga, filmlar ishlab chiqarish toʻliq xususiy sektorga topshiriladi.




