Oʻzbekistonlik hujjatli film ijodkorlari «Yevraziya.DOC» festivalida filmlarini namoyish etdi
Minsk va Smolensk shaharlarida oʻtkazilgan yubiley kinofestivalida qamal yillaridagi bolalar hamda ijtimoiy tashabbuslar haqida ikki oʻzbek filmi namoyish etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

Minsk va Smolensk shaharlarida oʻtkazilgan X xalqaro «Yevraziya.DOC» hujjatli filmlar festivali yakunlandi. Bu yil tanlovga 17 mamlakatdan 413 ta ariza kelib tushdi, final roʻyxatidan esa 34 ta film joy oldi.
Oʻzbekiston festivalda ikki film bilan ishtirok etdi. Sergey Yejkovning «Gʻalaba yuzlari. Qalblar iliqligi. Oʻzbekiston qamalda qolgan bolalar uchun qanday qilib ikkinchi uyga aylandi» filmi urush yillarida Leningraddan evakuatsiya qilingan bolalar haqida hikoya qiladi. Ikkinchi film — Adhamjon Abdurahmonovning «Siz yolgʻiz emassiz» qisqa metrajli filmi — zamonaviy ijtimoiy loyihalar va oʻzaro yordamga bagʻishlangan.
Oʻzbekistonlik ishtirokchilar MDHda kino ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda hujjatli kinoda yangi texnologiyalardan foydalanish masalalarini ham muhokama qildi.

