Tatiana Kim endi Wildberries kompaniyasiga rahbarlik qilmaydi va taʼsischilar qatorida ham yoʻq
Tatiana Kim endi Wildberries kompaniyasini boshqarmaydi. Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestridan 20 noyabrda yangilangan koʻchirmaga koʻra, «Vayldberriz» MChJning bosh direktori Aleksey Kulikov boʻldi.

Lavozimi bilan birga Kim kompaniyadagi boshqa maqomlaridan ham ayrildi. U endi taʼsischilar qatorida yoʻq va ishonchnomasiz kompaniya nomidan ish yurita olmaydi.
Rahbariyat almashinuvi RWBdagi keng koʻlamli qayta tuzish jarayoniga toʻgʻri keldi. Bundan bir kun oldin Kimning birlashtirilgan biznesdagi ulushi 65 foizdan 45 foizgacha kamaydi. Yana 30 foiz ulushni ikkita yopiq investitsiya fondi oldi.
Qayta tayinlovlarning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida Kimning Yevropa Ittifoqi sanksiyalari roʻyxatiga kiritilgani koʻrsatilmoqda. Kompaniya bu masalani hozircha rasman izohlamadi.
Yangi bosh direktor 2024 yildan, yaʼni kompaniya boʻlingan paytdan boshlab, «VB Injiniring»ga rahbarlik qilgan. Bungacha uning nomi Mirzoyan aka-ukalarining tuzilmalari bilan bogʻlangan edi.




