Germaniya va Avstriya TikTokʼni yevropalik mulkdorlar nazoratiga oʻtkazishni taklif qildi
Germaniya va Avstriya TikTokʼning yevropalik mulkdorlar tuzilmasini yaratishni taklif qildi. Bu platformani mintaqada Xitoyning ByteDance kompaniyasi nazoratidan chiqarish imkonini beradi.

Tashabbusni Germaniya madaniyat va OAV vaziri Volfram Vaymer hamda Avstriyaning raqamlashtirish boʻyicha davlat kotibi Aleksander Proll ilgari surdi. Loyihaga boshqa Yevropa mamlakatlarini ham jalb etish rejalashtirilmoqda.
Taklif etilayotgan tuzilma TikTokʼning Yevropadagi foydalanuvchilar maʼlumotlari, tavsiya algoritmlari va texnik infratuzilmasini nazorat qilishi kerak. Vaymer va Proll bu taklifni Xitoy rasmiylarining maʼlumotlarga ehtimoliy kirishi hamda algoritmlarning jamoatchilik fikriga taʼsiri yuzasidan xavotirlar bilan izohladi. Ularning aytishicha, Yevropada platformadan qariyb 200 mln kishi foydalanadi, Germaniya va Avstriyada esa bu koʻrsatkich aholi sonining taxminan uchdan biriga teng.
Siyosatga misol sifatida AQShni keltirishdi. Yanvar oyida ByteDance aksariyat ulushi amerikaliklarga tegishli boʻlishi koʻzda tutilgan qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha kelishuv tuzdi. Bu kelishuv TikTokʼning AQShdagi boʻlinmasi egalik tuzilmasini oʻzgartirish haqidagi qonun qabul qilinganidan keyin paydo boʻldi.




