AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Eronga qarshi muddati oʻtgan oʻq-dorilardan foydalangan
Amerika harbiylari Eronga qarshi operatsiyada yaroqlilik muddati tugagan oʻq-dorilardan foydalangan. Bu haqda 17-noyabr kuni AQSh Harbiy-dengiz kuchlari vaziri vazifasini bajaruvchi Hung Kao Senatda uning nomzodini tasdiqlashga bagʻishlangan tinglovlarda maʼlum qildi, deb yozadi Business Insider.

Amaldorning soʻzlariga koʻra, oʻq-dorilarning bir qismida Echo va Foxtrot holat kodlari boʻlgan. Harbiylar ularning tasnifini oʻzgartirgan, bu esa qurollardan Epic Fury operatsiyasi doirasida foydalanish imkonini bergan.
Kao bu jarayonni qurib qolgan nonni qayta tiklashga qiyosladi: uning aytishicha, buning uchun unga suv qoʻshib, mikrotoʻlqinli pechda isitish kifoya. Shu bilan birga, u aynan qaysi oʻq-dorilardan foydalanilgani va ularning soni qancha boʻlganini oshkor qilmadi.
Tinglovlarda Tomahawk qanotli raketalarini ishlab chiqarish masalasi ham muhokama qilindi. Kao ularning ishlab chiqarish hajmi yiliga taxminan 125 ta raketadan oyiga 60 tadan koʻproqqa oshganini aytdi.
Avvalroq Pentagon inspektori Eron bilan urushda oʻq-dorilar sarflangani AQShning strategik zaxiralari qisqarishiga olib kelgani va mudofaa sanoatining ularni toʻldirish imkoniyatlari bilan bogʻliq muammolarni yuzaga chiqargani haqida ogohlantirgan edi.




