Li Auto Mach M100 chiplarini tashqi mijozlarga bosqichma-bosqich yetkazib berishni yoʻlga qoʻyadi
Li Auto bosh direktori Li Xiang kompaniya robototexnika kompaniyalarining qiziqishi fonida Mach M100 chiplarini tashqi mijozlarga bosqichma-bosqich yetkazib berishni boshlashini maʼlum qildi.

Li Auto Mach M100 chiplaridan foydalanishni oʻz avtomobillari bilan cheklab qolmasdan, uni tashqi buyurtmachilarga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Li Xiangning soʻzlariga koʻra, bir nechta robototexnika kompaniyasi Mach M100 chiplarini xarid qilish imkoniyatiga allaqachon qiziqish bildirgan. Biroq aniq potensial xaridorlar va yetkazib berish muddatlari hozircha oshkor qilinmagan.
Mach M100 avtomobilsozlik uchun moʻljallangan 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan va bitta chipga 1 280 TOPS unumdorlikni taʼminlaydi. Bu yil chiqarilgan Li Auto kompaniyasining bir nechta yangi modeli ushbu chip bilan standart jihoz sifatida taʼminlandi. Chip hisoblash bloklari va xotira oʻrtasida maʼlumotlarning ortiqcha koʻchirilishini kamaytirishi kerak boʻlgan dinamik oqimli arxitekturaga asoslangan.
Li Xiang Mach M100’ni bunday arxitekturaga ega boʻlgan dunyodagi birinchi seriyali ishlab chiqarilayotgan sunʼiy intellekt chipi deb atadi. Uning arxitekturasi haqidagi maqola International Symposium on Computer Architecture (ISCA) simpoziumining Industry Track seksiyasiga qabul qilindi. Uning soʻzlariga koʻra, Li Auto ushbu seksiyada maqolasi eʼlon qilingan birinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylandi.
16 oktabr kuni kompaniya chip biznesini aksiyadorlik asosida moliyalashtirishning 243 827 350 dollarlik birinchi bosqichiga doir kelishuvlar tuzilganini eʼlon qildi. Li Auto 150 047 600 dollar, tashqi investorlar esa 93 779 750 dollar kiritadi. Mablagʻlar chiplarni ishlab chiqish va tijoratlashtirishga yoʻnaltiriladi.
Moliyalashtirishni oluvchi kompaniya Shanghai Mahe Xin Technology Co Ltd yoki MHX Technology boʻldi. Kompaniya Li Auto avtomobillariga bir vaqtning oʻzida xizmat koʻrsatish va avtomobil bozoridan tashqaridagi sohalarga chiqish uchun chiplar, domen kontrollerlari va operatsion tizimlardan iborat portfeldan foydalanadi. Tashqi xaridorlar bilan imzolangan shartnomalar boʻyicha rejalar haqida maʼlumot berilmagan.




