Bred Pitt yangi «Connector» dramasida rol ijro etadi
Aktyor 1970-yillar Nyu-Yorkida osmonoʻpar binolar quruvchi ishchi rolini oʻynaydi. Filmga Darius Marder rejissyorlik qiladi.

Bred Pitt Apple Original Films studiyasining «Connector» filmida bosh rolni ijro etadigan boʻldi. Drama voqealari 1970-yillar Nyu-Yorkida kechadi. Syujet markazida juda balandlikda osmonoʻpar binolar quradigan ishchi turadi. U oʻz imkoniyatlaridan ancha ustun kuchlarga qarshi turishi kerak boʻladi.
Film ssenariysini Darius Marder singlisi Nina bilan birga yozgan. Loyiha gʻoyasi «Valentin kuni» va «Qaragʻaylar ortidagi joy» filmlari bilan tanilgan Derek Sienfrensga tegishli. Marder filmga rejissyorlik qilish bilan birga prodyuser sifatida ham ishtirok etadi.
Pitt Jorj Kluni bilan suratga tushgan «Yolgʻiz boʻrilar» jangovar filmi va «Formula-1» sport dramasidan keyin Apple Original Films bilan yana hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, aktyor «Jahon urushi Z» filmining davomidagi Jerri Leyn roliga qaytadi.




