Xiaomi zavodlarda ishlash uchun 1500 ta datchikka ega robotlashtirilgan qoʻlni ishlab chiqdi
Xitoyning Xiaomi kompaniyasi shakli va oʻlchami turlicha boʻlgan detallarni aniq ushlash va koʻchirishga qodir robotlashtirilgan qoʻlni taqdim etdi. Ushbu ishlanma ishlab chiqarishdagi murakkab jarayonlarni avtomatlashtirish uchun moʻljallangan.

Qoʻl 26 ta elektr yuritma va buyumlarga tushayotgan bosim kuchi hamda ularning holatini aniqlash imkonini beruvchi 1500 ta sezgir element bilan jihozlangan. Shu tufayli robot nozik detallarni shikastlamagan holda ushlash kuchini moslashtira oladi.
Xiaomi muhandislari ishlanmani yaratish jarayonida avtomobil zavodlaridagi 2500 dan ortiq ishlab chiqarish operatsiyasini oʻrgandilar. Harakatlarning aniqligi, ishonchlilik va texnik xizmat koʻrsatish qulayligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Keyingi bosqichda robotlashtirilgan qoʻl real ishlab chiqarish sharoitida sinovdan oʻtkaziladi. Kompaniya robot odam aralashuvisiz vazifalarni qanchalik barqaror bajara olishini va uni mavjud yigʻuv liniyalariga qanday integratsiya qilish mumkinligini tekshiradi.


