Oʻzbekistonda geologiya-qidiruv ishlari va gaz infratuzilmasi kengaytiriladi
Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasini rivojlantirish rejalari, jumladan, tabiiy gaz zaxiralari hamda uni qazib olish hajmini oshirish chora-tadbirlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati maʼlumot berdi.
2026-yilda mamlakatda uch oʻlchamli seysmik qidiruv ishlarini sezilarli darajada kengaytirish koʻzda tutilgan: uning hajmi oʻtgan yilgiga nisbatan besh barobarga oshishi lozim. Yil boshidan buyon mutaxassislar beshta yangi gaz konini ochdi va 80 ta quduq qazidi. Ularning ayrimlari 6 ming metr va undan ortiq chuqurlikka yetadi. Toʻrtinchi chorak oxiriga qadar yana 40 ta quduq burgʻilash rejalashtirilgan.
Istiqbolli yoʻnalishlar orasida yangi konlarni hamda Ustyurtdagi chuqur qatlamlarni oʻzlashtirish ham bor. U yerda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda quduqlarni burgʻilash va ishlab turgan gaz obyektlari unumdorligini oshirish loyihalari olib borilmoqda.
Yigʻilishda gaz uzatish tizimini rivojlantirish rejalari ham taqdim etildi. Mazkur loyihalar magistral gaz quvurlarini tortish hamda kompressor stansiyalarini yangilashni oʻz ichiga oladi. Hisob-kitoblarga koʻra, bu choralar taʼminot ishonchliligini oshirib, har yili 125 million kub metrgacha gazni tejash imkonini beradi.
«Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi avariya oqibatlarini bartaraf etish jarayoni alohida koʻrib chiqildi. Qutqaruv operatsiyasiga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilindi. Hozirda obyektga zarur texnika va uskunalar yetkazilmoqda, shuningdek, quduq burgʻilash uchun maydonlar hozirlanmoqda.
Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish natijalari ham muhokama qilindi. Asosiy qurilmalar taʼmirlanganidan soʻng dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish 30 foizga, bitum 60 foizga, aviatsiya kerosini esa besh barobarga oshdi. Yil oxiriga borib korxona quvvatini hozirgi 40 foizdan 65 foizgacha yuklash moʻljallanmoqda.

