Oʻzbekistonning issiqxona xoʻjaliklari koʻmir importini soddalashtirishni taklif qildi
Issiqxona xoʻjaligi egasi Xurshid Ahmedov xoʻjaliklarga koʻmirni mustaqil ravishda olib kirishga ruxsat berishni taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, bu isitish xarajatlarini kamaytirib, eksportni qoʻllab-quvvatlaydi.

16 noyabr kuni Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar davlat organlari vakillari bilan uchrashuvida Ahmedov yoqilgʻini issiqxona xoʻjaliklari uchun asosiy muammo deb atadi. Uning baholashicha, Qozogʻistondan keltiriladigan «Shubarkul» markali koʻmir bojxonada bir tonnasi uchun $40 turadi, biroq ishlab chiqaruvchilarga yetib kelguncha narxi $110 ga chiqadi.
Tadbirkor xoʻjaliklar uchun issiqxonalar maydoniga qarab individual import limitlarini belgilashni taklif qildi. U misol tariqasida maydoni 2 gektar boʻlgan korxonaga 200 tonnagacha koʻmir olib kirishga ruxsat berish mumkinligini aytdi. Buning shartlari xoʻjalikning rasmiy roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, eksport boʻyicha hisobot taqdim etishi va yoqilgʻi uchun toʻlovni eksport yetkazib berishlaridan olingan valyuta tushumi hisobidan amalga oshirishdan iborat boʻlishi kerak.
Ahmedov koʻmirni tushirish va saqlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarga, qishda temiryoʻl vagonlari yetishmasligiga hamda Qirgʻiziston orqali avtomobil tashuvlariga qoʻyilgan cheklovlarga ham eʼtibor qaratdi. 2026 yil 1 dekabrdan Toshkent shahri va viloyatning beshta tumanidagi issiqxonalar ruxsat etilgan isitish turlariga oʻtishi kerak. Koʻmirdan faqat ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi, samarali filtrlar va chiqindilarni monitoring qilish tizimlari mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish talablari bajarilganda foydalanishga ruxsat etiladi.




