«Voyager-1» Yerda yaratilgan apparatlar orasida birinchi boʻlib bir yorugʻlik kuni masofasiga yetdi
NASA hisob-kitoblariga koʻra, 18 noyabr kuni «Voyager-1» Yerdan taxminan 25,9 milliard kilometr uzoqlashdi — bu masofani radiotoʻlqin signali 24 soatda bosib oʻtadi.

Apparat bu masofaga Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da yetdi. Bungacha insoniyat yaratgan boshqa hech bir obyekt Yerdan bunchalik uzoqlashmagan edi. Taqqoslash uchun, Quyoshdan Yerga yorugʻlik taxminan sakkiz daqiqa-u 20 soniyada yetib keladi.
Bunday masofa aloqa kechikishini ham belgilaydi. Yerdan yuborilgan buyruq zondga taxminan bir sutkada yetib boradi, javob signali uchun ham shuncha vaqt kerak boʻladi. Shu sababli muhandislar yuborilgan koʻrsatma natijasini taxminan ikki sutkadan keyin bilib oladilar.
«Voyager-1» 1977 yilda uchirilgan. Oradan deyarli yarim asr oʻtganiga qaramay, u radioaloqa kanali orqali maʼlumot uzatib, ilmiy ishlarini davom ettirmoqda. Uning kameralari 1990 yilda soʻnggi suratlar turkumi olinganidan keyin oʻchirib qoʻyilgan. Ushbu suratlar orasida Yer tasvirlangan mashhur «Xira moviy nuqta» fotosurati ham bor edi.
Dasturning ikkinchi apparati — «Voyager-2» uchirilganidan keyin boshqa trayektoriya boʻylab yoʻl oldi va Uran hamda Neptunni tadqiq qildi. NASA bahosiga koʻra, u Yerdan bir yorugʻlik kuni masofasiga 2035 yil noyabrida yetadi.




