Kianu Rivz ishtirokidagi «Konstantin» sikveli DCʼdagi kadrlar almashinuvidan soʻng yangi imkoniyatga ega boʻlishi mumkin
Rejissyor Frensis Lourens 2005-yilgi filmning davomi istiqbollariga endi optimistroq baho bermoqda.

Kianu Rivz ishtirokidagi «Konstantin: Zulmat hukmdori» mistik trillerining davomi DC Studios rahbariyatidagi oʻzgarishlardan soʻng yana rivojlana boshlashi mumkin. Asl film rejissyori Frensis Lourens Collider nashriga bergan intervyusida bir necha yildan beri ishlab chiqilayotgan loyiha kelajagiga endi katta optimizm bilan qarayotganini aytdi.
Rejissyorning soʻzlariga koʻra, jamoada ikkinchi qism uchun tayyor ssenariy va konsepsiya bor. Rivzning oʻzi, ssenariynavis va prodyuser Akiva Goldsman, shuningdek, prodyuser Jey Jey Abrams voqeani davom ettirishdan manfaatdor. Biroq DCʼning avvalgi rahbariyati loyihaning keyingi bosqichga oʻtishiga imkon bermagan. Lourens kadrlar almashinuvi gʻoyani studiyaga yana taqdim etish imkonini berishiga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, rejissyor Jon Konstantinning ikki xil talqini paydo boʻlishi mumkinligini istisno qilmayapti. Avvalroq Frensis Galuppi komikslardagi Hellblazer qahramoni haqida yangi film ssenariysini yozish taklifini olgan edi. Lourensning fikricha, bu film va Rivz ishtirokidagi davomi bir-biridan mustaqil ravishda rivojlanishi mumkin.
Asl «Konstantin» 2005-yilda chiqqan. Kianu Rivz odamlar orasida yashiringan farishtalar va jinlarni koʻra oladigan okkult hodisalar boʻyicha mutaxassis rolini ijro etgan. Vaqt oʻtishi bilan film janr muxlislari orasida kult maqomiga ega boʻldi.




