Toho «Godzilla: Minus nol» filmi treylerini namoyish etdi
Yaponiyaning Toho kompaniyasi «Godzilla: Minus bir» filmining davomi treylerini chiqardi. Film voqealari urushdan keyingi 1949-yilgi Yaponiyada kechadi, Godzilla esa Nyu-York tomon yoʻl oladi.

Yangi film 2023-yilda chiqqan «Godzilla: Minus bir» kartinasi voqealarini davom ettiradi. Davom filmidagi voqealar birinchi qismdan ikki yil oʻtib — urush oqibatlarini boshdan kechirayotgan 1949-yilgi Yaponiyada kechadi. «Godzilla: Minus nol» IMAX uchun maxsus suratga olingan ilk yapon filmi boʻldi.
Davom filmida Godzilla haqidagi voqealar Yaponiya chegaralaridan tashqariga chiqadi: syujetda Nyu-York ham paydo boʻladi. Filmni yana Takashi Yamazaki suratga oldi. Premyeradan oldin filmni koʻrgan Digital Trends kino tanqidchisi uni «Terminator 2» va «Yulduzlar jangi: Imperiya zarba beradi» kabi mashhur davom filmlari bilan taqqosladi.
Tanqidchining baholashicha, yangi qism insoniy hikoyalarga eʼtiborni saqlab qolgan holda franshizani yanada koʻlamli va dadil qildi. Film birinchi kartinada koʻtarilgan mavzularni davom ettirib, urushdan keyin qoladigan qoʻrquv, nafrat va ruhiy jarohatlar haqida hikoya qiladi.
Birinchi «Godzilla: Minus bir» filmi xalqaro prokatda 15 million dollar byudjet bilan qariyb 114 million dollar yigʻdi. U eng yaxshi vizual effektlar uchun «Oskar»ni qoʻlga kiritdi va ushbu mukofot bilan taqdirlangan ilk ingliz tilida boʻlmagan filmga aylandi. Rotten Tomatoes saytida kartina tanqidchilarning 99 foiz ijobiy bahosiga va foydalanuvchilarning 98 foiz maʼqullashiga ega.
«Godzilla: Minus nol» filmining jahon premyerasi 2026-yil 26-sentabrda boʻlib oʻtdi, 3-noyabrda esa film Yaponiyada prokatga chiqdi.




