Latviyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonda logistika xablarini tashkil etishni taklif qildi
Oʻzbekiston Transport vazirligi vakillari va Latviya delegatsiyasi Xitoy hamda Yevropa bozorlariga chiqish uchun mamlakat orqali oʻtuvchi tranzit yoʻnalishlarini rivojlantirish rejalarini muhokama qildi.
6-oktabr kuni Oʻzbekiston Transport vazirligi latviyalik tadbirkorlar bilan logistika va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvni Latviyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Eviya Dumpe ochib berdi, deb yozadi UzDaily.
Tomonlar Oʻzbekiston hududida yangi logistika markazlarini tashkil etish masalasini koʻrib chiqdi. Latviyalik ishbilarmonlarning fikricha, bunday xablar oʻzbek mahsulotlarini Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishga, shuningdek, Osiyodan Latviya va Yevropaga yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, uchrashuvda temiryoʻl va aviatsiya transporti sohasidagi hamkorlik hamda Markaziy Osiyo, Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi mavjud transport yoʻnalishlarini maqbullashtirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

