XEA: data-markazlar elektr isteʼmoli 2030-yilgacha ikki baravar oshishi mumkin
Sunʼiy intellekt rivoji sabab data-markazlarning elektrga jahon talabi 2030-yilgacha yiliga qariyb 1 000 TVt·soatga yetishi mumkin, deya prognoz qilmoqda XEA.

Maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarining elektr isteʼmoli 2025-yilda 17 foizga oshdi, dunyo elektr talabining oʻsishi esa 3 foizni tashkil etdi. XEA eʼlon qilingan siyosatlar ssenariysida 2030-yilgacha data-markazlar yiliga qariyb 1 000 TVt·soat elektr ishlatishini kutmoqda.
Data-markazlarning eng yirik operatorlari 2026-yilda asosan yangi infratuzilmaga 700 mlrd dollardan koʻproq sarflashi kutilmoqda. Yirik loyihalar Texas, Virjiniya, Finlyandiya va Buyuk Britaniyada qurilmoqda. Ayrim hududlarda ulanishni kutayotgan obyektlarning jami quvvati allaqachon amaldagi eng yuqori talabdan oshgan.
XEA ogohlantirishicha, tarmoqlar modernizatsiya qilinmasa, yangi loyihalarni ulash choʻzilishi, tarmoqlar yuklamaga bardosh bera olmasa esa generatorlar ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur boʻlishi mumkin. Eʼlon qilingan siyosatlar ssenariysida 2035-yilgacha 26 mln km yangi liniya qurish, yana qariyb 16 mln km mavjud liniyani almashtirish yoki rekonstruksiya qilish talab etiladi. Mis, kabellar va transformatorlar taʼminoti allaqachon cheklangan.
Eʼlon qilingan siyosatlar ssenariysi hukumatlar rasman taklif qilgan, biroq hali qabul qilinmagan choralarni hisobga oladi. Unda elektr energiyasining jahon yakuniy energiya isteʼmolidagi ulushi 2035-yilgacha 23 foizdan qariyb 30 foizgacha oshadi.




