Oʻzbekiston va Turkiya turizm sohasidagi qoʻshma loyihalar rejasini ishlab chiqadi
Oʻzbekiston va TİKA qoʻshma turizm va taʼlim loyihalari boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldi. Unda ustuvor yoʻnalishlar, bosqichlar va masʼul ijrochilar belgilanadi.

Kelishuv 19 noyabr kuni Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulovning TİKAning Toshkent ofisi koordinatori Esin Ajar Ergin bilan uchrashuvida erishildi.
Tomonlar Turkiyaning kasbiy taʼlim sohasidagi tajribasini Oʻzbekistondagi texnikumlarda joriy etish masalasini muhokama qildi. Jumladan, turkiyalik oʻqituvchilarni jalb etish, malaka oshirish kurslarini tashkil qilish va mamlakat hududlarida oʻquv laboratoriyalarini yaratish rejalashtirilmoqda.
Bu tashabbuslar mehmonxonalar va restoranlar uchun mutaxassislar tayyorlashga, shuningdek, turistik xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Qoʻshma yoʻl xaritasida ustuvor loyihalar, ularni amalga oshirish muddatlari, masʼul ijrochilar va kutilayotgan natijalar belgilanadi. Shuningdek, tashabbuslarni TİKAning Oʻzbekistondagi 2027 yilgi faoliyat dasturiga kiritish imkoniyati ham koʻrib chiqilmoqda.




