Tojikistondagi elektr uzatish liniyasidagi avariya Fargʻona vodiysi taʼminotiga taʼsir qildi
Tojikistondagi «L-503» liniyasida tayanch qulab, Sirdaryo IESdan Fargʻona vodiysiga elektr uzatish toʻxtadi. Ayrim hududlarda taʼminot vaqtincha cheklangan.
Oʻzbekiston Energetika vazirligining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, tayanch relyefi murakkab boʻlgan tepalik hududda kuzatilgan noqulay ob-havo sabab qulagan. Shundan soʻng avtomatik himoya ishga tushib, liniya orqali elektr uzatish toʻxtagan.
Avariya joyiga «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari va avariya-taʼmirlash brigadalari yuborildi. Ular Tojikiston tashkilotlari bilan birgalikda hodisa oqibatlarini bartaraf etib, liniya ishini tiklamoqda.
Taʼmirlash yakunlanguniga qadar Fargʻona vodiysining ayrim hududlarida elektr taʼminotiga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklovlar amal qilmoqda. Shu bilan birga, Fargʻona viloyati «L-524» liniyasi orqali Toshkent IESi «Novo-Angren»dan ham elektr energiyasi olmoqda. Energetika vazirligi vaziyatni nazoratda ushlab turganini va ishlar borishi haqida qoʻshimcha axborot berishini maʼlum qildi.




