Fiziklar gʻisht devor orqali gravitatsiya yordamida xabar yubordi
Kvinslend universiteti fiziklari “Gravity” soʻzini 0,7 m qalinlikdagi gʻisht devor orqali uzatdi. Signalni qoʻshni xonadagi gravimetr qabul qildi.

Xabarni uzatish uchun olimlar massasi qariyb 1,8 tonna boʻlgan liftning qarshi yukini 0 va 1 ni ifodalagan ikki holat oʻrtasida siljitdi. Gravitatsiya maydonidagi oʻzgarishni oddiy prujinali gravimetr qayd etdi.
Massaning siljishi asbob koʻrsatkichini taxminan 50 nm/s² ga oʻzgartirdi. Soʻz ASCII kodining 49 bitida kodlandi va daqiqasiga 1 bit tezlikda yuborildi. Qabul qilingan ketma-ketlik dastlabkisi bilan toʻliq mos keldi.
Radio signalidan farqli ravishda, siljitilgan massa hosil qilgan gravitatsion taʼsirni oddiy materiallar bilan passiv tarzda toʻsib boʻlmaydi. Bunda fiziklar gravitatsion toʻlqinlarni emas, deyarli statik Nyuton maydonidagi oʻzgarishlarni uzatgan.
Gʻoya yuk mashinalari uchun kontaktsiz tarozilar ustida ishlash chogʻida paydo boʻlgan. Mualliflar amaldagi usul nihoyatda sekinligi va faqat kichik masofalarga mos kelishini taʼkidlaydi. Hatto zamonaviyroq lift va sezgirroq datchikdan foydalanilganda ham, hisob-kitoblarga koʻra, tezlik daqiqasiga taxminan 15 bit boʻlardi.
Jamoa hisob-kitobiga koʻra, ixcham massa, qurilmaning takomillashtirilgan geometriyasi va sezgirligi yuqoriroq datchiklar kombinatsiyasi masofani taxminan 500 m gacha oshirishi mumkin. Bu faqat nazariy baho, tajriba natijasi emas.




