Toshkentda Salar kanali obodonlashtirilib, sayr hududi yaratiladi
Toshkentning Mirzo Ulugʻbek tumanida Salar kanalining 2,7 km qismi obodonlashtirilib, yangi sayr hududi yaratilmoqda. Yana 9,9 km qismi allaqachon obodonlashtirilgan.

Toshkent hokimligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, ishlar sayr qilish va dam olish uchun qulay jamoat makonini yaratishga qaratilgan. Ilgari bu hudud qarovsiz holatda boʻlgan, undan aholining foydalanish imkoniyatlari esa cheklangan.
Birinchi bosqichda kanalning qoʻriqlash hududidagi 40 dan ortiq noqonuniy qurilma olib tashlandi. Qirgʻoqlar boʻylab, jumladan, bolalar xavfsizligi uchun himoya toʻsiqlari oʻrnatilmoqda. Loyiha piyodalar yoʻlaklari, sayr hududlari, zamonaviy yoritish tizimi va hayvonlar burchagini ham nazarda tutadi.
Hudud chiqindilar va ortiqcha oʻsimliklardan tozalanmoqda, suv oqimlari esa tartibga keltirilmoqda. Obodonlashtirish doirasida 2 mingdan ortiq daraxt va buta ekish rejalashtirilgan. Poytaxt hududidan oʻtuvchi Salar kanalining umumiy uzunligi 23,3 kmni tashkil etadi. Toshkentda kanallar qirgʻoqlarini obodonlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish ishlari davom ettiriladi.




