Coinbase Maskning deepfake sxemasida 4,7 mln dollarlik oʻtkazmalarni blokladi
Coinbase Teslaʼning Ilon Mask deepfakeʼi qoʻllangan soxta translyatsiyasida kriptovalyutani ikki baravar qilib berishni vaʼda qilgan firibgarlarga 4,7 mln dollarlik oʻtkazmalarni bloklaganini maʼlum qildi.
Soxta YouTube efiri Teslaʼning «uchuvchi avtomobili» namoyishini taqlid qildi va 500 000 dan ortiq tomoshabin toʻpladi. Videoda sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan Mask tasviri, kriptovalyuta manzillari va yuborilgan summani ikki baravar qilib qaytarishni vaʼda qilgan QR-kod koʻrsatildi.
Coinbase maʼlumotlariga koʻra, taxminan ikki soat ichida yuzlab mijozlar firibgarlarga millionlab dollar oʻtkazishga uringan. Sunʼiy intellektga asoslangan firibgarlikning oldini olish tizimi sxema belgilarini aniqlab, bunday operatsiyalarning qariyb 91 foizini, jami 4,7 mln dollarni blokladi.
Servis chiqim oʻtkazmalarini real vaqt rejimida tahlil qilgan, shubha tugʻilganda esa sunʼiy intellekt agenti mijoz bilan qisqa muloqotga kirishib, aldov belgilarini tushuntirgan. Coinbase algoritm avval bu kampaniyaga duch kelmaganini, biroq tanish firibgarlik usullarini aniqlaganini bildirdi. Butun jarayon xodimlar ishtirokisiz avtomatik tarzda amalga oshirilgan.




