Xeyli Biber milliard dollarlik muvaffaqiyatining kutilmagan sirini aytdi
Model va tadbirkor Xeyli Biber DealBook sammitida Rhode brendining muvaffaqiyatiga sabab «ijobiy illuziya» boʻlganini aytdi. Brend e.l.f. Beauty kompaniyasiga 1 mlrd dollarga sotilgan.

Nyu-Yorkda oʻtkazilgan DealBook sammitida Biber kosmetika brendini sotish uchun boshidanoq eng past narxni belgilaganini tushuntirdi. U taklif 1 mlrd dollardan kam boʻlsa, bitimga rozi boʻlmasligini hisoblaganini, bu maqsadga erishish imkoniyatini esa «optimistik yanglishish» bilan bogʻlashini aytdi.
Rhode 2025-yil may oyida e.l.f. Beauty kompaniyasiga oʻtdi. Bu xarid kompaniya tarixidagi eng yirik bitim boʻldi. Biber avvalroq brendni sotishga majburiy ravishda intilmaganini, biroq mos taklif va yangi egasini koʻrib chiqishga tayyor boʻlganini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, e.l.f. Beauty u bunday kompaniyaga qoʻygan barcha talablarga javob bergan.
Biber teri parvarishiga koʻp yillar davomida qiziqib kelganidan soʻng, Rhode brendini 2022-yilda ishga tushirdi. Dastlabki 11 kun ichida brend 10 mln dollarlik savdoga erishdi. Tadbirkor ayol oʻgʻli tugʻilganidan keyin ish va shaxsiy hayotidagi oʻzgarishlar bir vaqtning oʻzida yuz bergani sababli bosimni his qilganini aytgandi.
Sotuvdan keyin Biber Rhode kompaniyasining bosh kreativ direktori lavozimini saqlab qoldi. U boshqa biznes loyihalarini rivojlantirmoqchi ekanini, biroq shoshilmasligini ham bildirdi.




