Google kod yozish va agentlik vazifalari uchun Gemini 4 Neon modelini taqdim etdi
Model 1 mln tokenlik kontekst oynasi va mulohaza yuritish chuqurligining toʻrt darajasiga ega.

Neon koʻp bosqichli ishlar uchun moʻljallangan: u kontekstni tahlil qiladi, vositalardan foydalanadi va ketma-ket amallarni bajaradi. Model Gemini API va Google AI Studioʻda mavjud, shuningdek, biznes foydalanuvchilari hamda Googleʼning pullik tariflariga obuna boʻlganlar orasida ham tarqala boshladi.
Mulohaza yuritishning xhigh darajasida Gemini 4 Neon Artificial Analysis Intelligence Index reytingida uchinchi oʻrinni egalladi, bunda u hajmi kattaroq va sekinroq modellarni ortda qoldira olmadi. Dasturlash boʻyicha testlarda Google yetakchi natijalar qayd etilganini maʼlum qildi. Bu natijalar bir nechta fayllardagi xatolarni tuzatish, refaktoring va uzoq davom etadigan agentlik ssenariylari bilan ishlashni ham qamrab oladi.
Narx kiruvchi tokenlarning 1 millioni uchun $3 va chiquvchi tokenlarning 1 millioni uchun $15 etib belgilangan. Keshdagi tokenlar uchun 1 million token narxi $0,15 ni tashkil qiladi. Mulohaza yuritish darajalari natija sifati va tokenlar sarfi oʻrtasidagi muvozanatni tanlash imkonini beradi.
Neonʼning kiberxavfsizlik uchun moʻljallangan alohida versiyasi zaifliklarni izlash, xatarlarni tekshirish va koddagi muammolarni tuzatishga xizmat qiladi. Google ushbu versiyaning xavfsiz kod generatsiyasi va zaifliklarni aniqlash boʻyicha testlardagi natijalarini maʼlum qildi. Bu versiyadan foydalanish huquqi Fairwind dasturi orqali tekshiruvdan oʻtgan mutaxassislarga berilishi rejalashtirilgan.




