YuNESKO Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish tashabbusini maʼqulladi
YuNESKO Ijroiya kengashi Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish loyihasini bir ovozdan maʼqulladi. 2027 yilda Xivada xalqaro simpozium oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Qaror Parijda YuNESKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasida qabul qilindi. Tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilot Bosh konferensiyasining Samarqandda oʻtgan 43-sessiyasi ochilishida ilgari surgan.
Hujjat mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Unda xavflarning oldini olish va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, moddiy va nomoddiy merosni iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya hamda ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlardan himoya qilish uchun ilmiy bilimlar va amaliy tajribalarni almashish haqida ham soʻz boradi.
Maʼqullangan tashabbus doirasida Oʻzbekiston 2027 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Xivada xalqaro simpozium oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Unda ekspertlar, tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari madaniy obyektlarni muhofaza qilish, zamonaviy texnologiyalar, anʼanaviy bilimlarni asrash va mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qiladi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Qaror loyihasini hammuallif sifatida 54 davlat, jumladan, Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston qoʻllab-quvvatladi. Delegatsiyalar taklif YuNESKO ustuvor yoʻnalishlariga mos ekanini taʼkidlab, Oʻzbekistonning simpoziumni Xivada oʻtkazishga tayyorligini olqishladi.




