Jonni Depp «Rojdestvo qoʻshigʻi»ning yangi ekranlashtirilishida Ebenezer Skruj rolini ijro etdi
Aktyor Tay Uestning Dikkens hikoyasini qoʻrqinchli janr unsurlari bilan talqin qilgan filmida bosh rolni ijro etdi.

«Ebenezer» (Ebenezer) filmida Jonni Depp Charlz Dikkensning klassik «Rojdestvo qoʻshigʻi» qissasidagi xasis Ebenezer Skruj obrazini gavdalantirdi. Kartinaga «X», «Perl» va «Maksin XXX» qoʻrqinchli filmlar trilogiyasi bilan tanilgan Tay Uest rejissyorlik qildi.
Voqealar Rojdestvo arafasida kechadi. Biznes hamkori Jeykob Marli (Iyen Makkellen) vafot etganidan soʻng, Skrujning oldiga uchta arvoh kelib, unga oʻtmish, hozirgi kun va kelajakdagi voqealarni koʻrsatadi. Boshqa qahramonlar orasida xodim Bob Kretchit (Rupert Grint), uning rafiqasi Klara (Deyzi Ridli) va jiyani Fred (Sem Klaflin) ham bor.
Rejissyor asl hikoyaga xos qorongʻi muhit va qoʻrqinchli unsurlarga urgʻu bergan. Shu bilan birga, ijodkorlar asarning asosiy syujet yoʻnalishlarini saqlab qolgan.
Aktyorlar tarkibidan Andrea Rayzboro, Elli Bamber, Tramell Tillman va Artur Konti ham oʻrin olgan. Filmning davomiyligi 1 soat 56 daqiqani tashkil etadi. Paramount Picturesʼning kartinasi premyerasi 2026-yil 13-noyabrga rejalashtirilgan.




