Janubiy Koreyaning KDB banki Oʻzbekistondagi filialini sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda
Maeil Business nashrining yozishicha, bu qaror bankning xorijdagi tarmogʻini maqbullashtirish hamda bozorga Janubiy Koreya xususiy banklarining faol kirib kelishi bilan bogʻliq.

Korea Development Bank (KDB) Oʻzbekistondagi filiali — KDB Bank Uzbekistanʼni sotish imkoniyatini oʻrganmoqda, deb yozadi Spot. Bank ish samaradorligini oshirish maqsadida xorijiy tarmogʻini qayta koʻrib chiqishga kirishgan. Ayni paytda KDBʼning chet elda 25 ta tuzilmasi mavjud boʻlib, ularga 12 ta filial, 7 ta shoʻba bank va 6 ta vakolatxona kiradi.
Birinchi navbatda, ancha vaqtdan beri faoliyat yuritayotgan, ammo koʻlamini kengaytirmayotgan ofislar maqbullashtirishga tushishi mumkin. Masalan, Moskva va Abu-Dabidagi vakolatxonalar 2013-yildan buyon ishlab kelayotgan boʻlsa-da, hamon toʻlaqonli filialga aylangani yoʻq. Shuningdek, KDB Janubiy Koreya xususiy banklari jadal rivojlanayotgan mamlakatlardagi, shu jumladan Oʻzbekistondagi aktivlarini sotish variantini ham koʻrib chiqmoqda.
KDB Bank Uzbekistan 2006-yilda Daewoo Groupʼdan sotib olingan UzDaewoo Bank negizida tashkil etilgan. Biroq nashr maʼlumotlariga koʻra, bank qariyb 20 yillik faoliyati davomida sezilarli natija koʻrsatmadi. Shu bilan birga, Shinhan Bank 2027-yilgacha Oʻzbekistonda oʻz shoʻba tuzilmasini, Hana Bank esa mahalliy ofisini ochishga hozirlik koʻrmoqda. KDB mazkur banklar oʻrtasida Oʻzbekistondagi filialni sotib olishga qiziqish bor-yoʻqligi yuzasidan soʻrov oʻtkazgan, biroq hozircha bu borada yakuniy qaror qabul qilinmagan.