Fargʻona viloyatida quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda
Toʻrt tashkilot Fargʻona viloyatidagi quyosh elektr stansiyasi loyihasini birgalikda tayyorlash boʻyicha kelishuv imzoladi. $350 mln toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etish rejalashtirilgan.

Kelishuvni Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Ummonning Voltamp Energy SAOG kompaniyasi hamda UET Construction muhandislik-qurilish kompaniyasi imzoladi. Hujjat loyihani birgalikda ishlab chiqish va uni amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrishni nazarda tutadi, biroq qurilish boshlanishini anglatmaydi.
Stansiya ishga tushirilgach, yiliga 1 mlrd kVt·soat «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, bu 250 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Voltamp mutaxassislari ajratilgan hududni oʻrganib, loyiha moliyaviy modelini hisoblamoqda. Kompaniya yaqin vaqt ichida bu ishlarni yakunlab, tijoriy taklif taqdim etishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, Voltamp Texnokabel Group bilan transformatorlar uchun maxsus oʻtkazgichlarni birgalikda ishlab chiqarish boʻyicha kelishib oldi. Kompaniya Nura Group bilan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yuqori kuchlanishli transformatorlar zavodini qurishni ham kelishdi.




