BRICS banki Oʻzbekistonga energetikani rivojlantirish uchun 300 million dollar yoʻnaltiradi
Oʻzbekiston BRICS Yangi taraqqiyot banki bilan kam uglerodli energetika loyihalarini 300 million dollarga moliyalashtirish boʻyicha kelishuv tuzdi. Bu bankning mamlakatdagi ilk shunday loyihasidir.

Kelishuv kam uglerodli energetikani rivojlantirish dasturining birinchi bosqichini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Unga quyosh, shamol, gidro va atom energetikasi loyihalari kiradi.
Dastur 2026–2037-yillarga moʻljallangan. Uni Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi soha vazirliklari va idoralari bilan birgalikda muvofiqlashtiradi. Loyihalar elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishi, mamlakatning tabiiy gazga qaramligini kamaytirishi va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishi kutilmoqda.
Yangi taraqqiyot banki Oʻzbekiston Markaziy Osiyodan bankka aʼzo boʻlgan ilk davlatga aylanganini taʼkidladi. Bank vitse-prezidenti Roman Serov tashkilot respublikadagi infratuzilmaviy loyihalarni, jumladan, yangi moliyaviy vositalar yordamida qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqchi ekanini bildirdi.




