«Titanik»dan uzun layner sunʼiy rifga aylandi
SS United States Florida qirgʻoqlari yaqinida eng yirik sunʼiy rifni yaratish uchun atayin choʻktirildi. Kema Meksika qoʻltigʻining qariyb 55 metr chuqurligidagi tubiga yotdi.

Okean layneri SS United States 11-noyabr kuni dengizga olib chiqildi. Uning korpusida teshiklar ochildi va ular orqali ichkariga suv kira boshladi. Kema tubga tik holatda choʻkdi.
Tashkilotchilar layner taxminan bir soat ichida suv ostiga ketadi, deb hisoblagan edi, biroq jarayon choʻzilib ketdi.
Endi kema qariyb 55 metr chuqurlikda, uning yuqori palubalari esa suv yuzasidan taxminan 18 metr pastda joylashgan. Yangi obyekt okrugdagi taxminan 500 ta sunʼiy rifdan biriga aylanadi.
SS United States 1946-yilda loyihalashtirilgan. Layner 1952-yildagi ilk reysi vaqtida Atlantika okeanini kesib oʻtishda tezlik rekordini oʻrnatgan. Uning uzunligi qariyb 305 metr, «Titanik»ning uzunligi esa 269 metr boʻlgan.
Turli yillarda layner yoʻlovchilari orasida Garri Trumen, Jon F. Kennedi, Bill Klinton, Merilin Monro, Uolt Disney, Salvador Dali va Koko Shanel boʻlgan. 1963-yilda kema Leonardo da Vinchining «Mona Liza» asarini Atlantika okeani orqali tashigan.
Layner 1969-yilda foydalanishdan chiqarilgan. Shundan keyin SS United States 30 yil davomida pristan yonida qolgan. Tarixiy merosni muhofaza qiluvchi tashkilotlar kemani qayta tiklashga erishishga bir necha bor uringan, biroq 2026-yilda hokimiyat undan sunʼiy rif yaratish uchun foydalanishga qaror qilgan.




