Euclid koinotning eng yirik 3D xaritasiga poydevor yaratdi
ESAning Euclid missiyasi ilk yirik maʼlumotlar toʻplamini eʼlon qildi: u milliarddan ortiq obyekt yorugʻligi va 9 500 ta toʻlin oyga teng osmon hududini qamraydi.

DR1-Foundation relizi qariyb 13 oylik kuzatuvlar asosida jamlangan. Bu teleskop 2023-yil oʻrtalarida uchirilganidan keyin missiyaning maʼlumotlarni ilk yirik miqyosda eʼlon qilishidir. Toʻplamga spektrlar, tasvirlar va osmon sferasining katta koʻlamli mozaikalari kiritilgan.
Maʼlumotlarda 160 mln manbaning yorugʻlik spektrlari, 900 mln dan ortiq galaktika haqidagi maʼlumotlar va koinotning oʻta massiv qora tuynuklar faol ravishda modda yutayotgan hududlari — 60 mln kvazar nomzodi mavjud.
Bu materiallar olimlarga ayrim galaktikalargacha boʻlgan masofani aniqlash va ularni koinotning uch oʻlchamli tuzilmasida joylashtirishga yordam beradi. Euclid buni spektroskopiya yordamida amalga oshiradi: teleskop galaktikalar yorugʻligini spektrga ajratadi, u orqali galaktikalargacha boʻlgan masofani baholash mumkin. Shu tariqa tadqiqotchilar asosan qorongʻi materiyadan tashkil topgan tolalar tizimi — koinot toʻrini oʻrganish imkoniga ega boʻladi.
Relizning yana bir qismi — kuchli gravitatsion linzalarning qariyb 15 000 nomzodi. Bu noyob hodisa uzoqdagi galaktika yorugʻligi uning oldida joylashgan galaktika taʼsirida buzilganda yuzaga keladi. Bunday kuzatuvlar galaktikalar massasini ulardagi koʻrinmas qorongʻi materiya bilan birga baholash va koinotning kengayishini oʻrganish imkonini beradi.
Teleskop, shuningdek, yirik galaktika guruhlari haqida maʼlumot toʻpladi. Ularni oʻrganish koinotdagi eng yirik tuzilmalar qanday shakllangani va rivojlanganini tushunishga yordam beradi. Toʻliq maʼlumotlar toʻplami relizni kuchsiz gravitatsion linzalanish kuzatuvlari hamda galaktikalarning koinot toʻri bilan bogʻliqligini hisoblash natijalari bilan toʻldiradi.




