Suv omborlari yaqinidagi turizm biznesi uchun mol-mulk va yer soliqlari 50 foizga kamaytiriladi
Qutqaruv uskunalari va sanitariya majmualari import qiluvchilarga bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanish qoidalarini belgilovchi qarorni imzoladi.
Suv havzalari yaqinida turistik xizmatlar koʻrsatuvchi kompaniyalar 2029-yil 1-oktabrgacha mol-mulk soligʻi va yer soligʻini 50 foizga kamaytirilgan stavka boʻyicha toʻlaydi. Uskunalarni olib kirish uchun bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Turistik obyektlar xavfsizlik vositalari bilan jihozlanishi, turizm tashkilotchilari esa qutqaruv xizmatini tashkil etishi yoki professional qutqaruvchilar bilan shartnoma tuzishi kerak. Shuningdek, ular kichik hajmli kemalardan foydalanish qoidalariga rioya qilishi, suv obyektlariga tozalanmagan oqova suvlar tashlanishining oldini olish uchun ichki kanalizatsiya yoki mahalliy tozalash inshootlarini oʻrnatishi hamda maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilishni tashkil etishi shart.


