Microsoft oʻyin franshizalarini kengaytirish uchun XP boʻlinmasini tashkil etdi
Kompaniyaning strategiya boʻyicha direktori Metyu Boll maʼlum qilishicha, yangi tuzilma Xbox oʻyinlari asosida filmlar, telekoʻrsatuvlar, mahsulotlar va tadbirlar yaratish bilan shugʻullanadi.

Microsoft XP boʻlinmasini ishga tushirdi. U oʻyin franshizalarini videooʻyinlardan tashqarida — kino, televideniye, mahsulotlar va jonli tadbirlar orqali rivojlantiradi.
Boʻlinmaga avval Mojang studiyasiga rahbarlik qilgan Keylin Uolters boshchilik qiladi. XP tarkibiga toʻrtta yoʻnalish kiradi: Xbox Pictures (filmlar va seriallar), Xbox Products (muxlislar uchun mahsulotlar), Xbox Places (tadbirlar va attraksionlar) hamda Xbox Partnership (brendlar bilan hamkorlik).
Minecraft savdosi 425 mln nusxadan oshdi. Microsoft ushbu oʻyin bilan orttirilgan tajribadan boshqa franshizalar, jumladan filmlar va tematik bogʻlarda attraksionlar yaratishda foydalanishni rejalashtirmoqda.

