Xuddi SpaceXdagidek: Xitoyning CAS Space kompaniyasi Kinetica-2 raketalarini parallel yigʻishga oʻtdi
CAS Space Kinetica-2 Y3 va Y4 raketalarini bir vaqtda yigʻishni boshladi. CASC maʼlumotlariga koʻra, ishlar jadval asosida ketmoqda, biroq uchirish sanalari va foydali yuk hozircha oshkor qilinmagan.

Xitoyning CAS Space kompaniyasi alohida raketalar ishlab chiqarishdan Kinetica-2 ning ikkita tashuvchisini parallel yigʻishga oʻtdi. Y3 va Y4 ishlab chiqarilishi jadval asosida davom etmoqda.
Kinetica-2 seriyali ishlab chiqarishni hisobga olgan holda yaratilgan. Raketa umumiy markaziy blokka ega birxillashtirilgan modullardan tashkil topgan, yoqilgʻi baklari va baklararo boʻlimlarning oʻxshash konstruksiyasi esa detallarni almashtirish hamda zaxira toʻplamlarini yaratishni osonlashtiradi. Kompaniya ayrim uzellarni oʻzi ishlab chiqaradi, qolgan modullar, baklar va quvurlarni esa boshqa korxonalar tayyorlaydi. CAS Space raketaning oʻzini ishlab chiqarish, yigʻish, integratsiya qilish va sinovdan oʻtkazishni allaqachon yakunlagan.
Uzunligi 52 metr boʻlgan tashuvchi 625 tonnalik start massasiga va 766 tonna tortish kuchiga moʻljallangan. U 500 km balandlikdagi Quyosh-sinxron orbitaga 8 tonnagacha yoki 200 km balandlikdagi past Yer orbitasiga 12 tonnagacha yuk yetkazishi mumkin.
Kinetica-2 ning ilk uchirilishi 30 mart kuni boʻlib oʻtdi: Y1 raketasi Dunfen tijoriy kosmodromidan uchirildi. 3 noyabr kuni Y2 tashuvchisi Qianfan guruhining 18 ta sunʼiy yoʻldoshini orbitalarga olib chiqdi. CASC ushbu missiyalar Xitoyning past orbitadagi sunʼiy yoʻldoshlar guruhi uchun texnologiyalarni sinovdan oʻtkazishga yordam bergani va tez-tez, arzon uchirishlar sxemasini yaratishga yaqinlashtirganini hisoblaydi.




