Oʻzbekgidroenergo va YETB strategik hamkorlikning «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqadi
Toshkentda tomonlar hamkorlikning «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldi va memorandum imzoladi. Kompaniya taxminan $3,7 mlrdlik gidroenergetika loyihalarini rejalashtirmoqda.

Oʻzbekgidroenergo AJ xabarida aytilishicha, hujjat Yevrosiyo taraqqiyot banki (YETB) bilan uzoq muddatli hamkorlik yoʻnalishlarini, jumladan, davlat kafolatlarisiz loyihalarni moliyalashtirish va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb etishni belgilashi kerak.
Kompaniya boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov jamiyatning investitsiya dasturlarini taqdim etdi. Oʻzbekiston prezidentining 2026-yil 1-maydagi qarorida jamiyat tarkibidagi GESlarning oʻrnatilgan quvvatini 5538 MVtgacha oshirish koʻzda tutilgan. Dastur yangi stansiyalar qurish, amaldagi stansiyalarni modernizatsiya qilish va yirik gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalarini barpo etishni oʻz ichiga oladi.
Uchrashuvda Pskem va Chorvoq GESlarini moliyalashtirish, Yuqori Toʻpalang zonasini oʻzlashtirish hamda «YuFK-5» loyihasi muhokama qilindi. YETB moliyaviy maslahatchi, anderrayter va investor sifatida ham ishtirok etishi mumkin.
YETB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov 2031-yilgacha Oʻzbekiston iqtisodiyotiga $3 mlrdgacha investitsiya yoʻnaltirish rejalari haqida maʼlum qildi. Tomonlar, shuningdek, uskunalar xaridini savdo asosida moliyalashtirish hamda texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash uchun grantlar masalasini alohida koʻrib chiqdi.




