Robert Dauni-kichik yangi «Qasoskorlar»ning bosh yovuz qahramoni boʻladi
Marvel kompaniyasining Koʻp olamlar dostonini yakunlashi kerak boʻlgan yangi yirik loyihasi — «Qasoskorlar: Doktor Dum» filmining treyleri chiqdi. Robert Dauni-kichik filmda franshizaga qaytadi, biroq bu safar Temir odam obrazida emas, bosh antagonist rolida namoyon boʻladi.

Syujetga koʻra, uch xil olamdan kelgan qahramonlar butun boshli olamlarni yoʻq qila oladigan tahdidga duch keladi. Filmda Marvelning asosiy kinematografik olamidagi, «Fantastik toʻrtlik» hamda «X-odamlar» franshizalaridagi qahramonlar qaytishi kutilmoqda.
Aktyorlar tarkibidan Florens Pyu, Devid Harbor, Sebastyan Stan, Lyuis Pullman va boshqa yulduzlar joy oldi. Shu bilan birga, Benedikt Kamberbetch, Tom Holland va Hyu Jekmanni ham oʻz ichiga olgan qator mashhur aktyorlarning ishtiroki hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Dastlab «Qasoskorlar»ning beshinchi qismi «Kanglar sulolasi» deb nomlanishi kerak edi, biroq Marvel rejalarini oʻzgartirib, Doktor Dumni bosh yovuz qahramon sifatida belgiladi.
Filmning jahon premyerasi 2026-yil 18-dekabrga rejalashtirilgan. Franshizaning navbatdagi qismi — «Qasoskorlar: Maxfiy urushlar» — 2027-yil 17-dekabrda chiqishi kerak.




